Yangiliklar
Pedagogik tadqiqotlar: hamkorlik va yangicha yondashuvlar tahlil etildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti bilan hamkorlikda "Pedagogik tadqiqotlar: hamkorlik va yangicha yondashuvlar" mavzusida ilmiy-amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda magistrlar, yosh tadqiqotchilar, pedagogika va psixologiya sohasi olimlari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ta’lim sohasini tubdan isloh etish, bu yo‘nalishda ilg‘or ilmiy izlanishlar olib borish, o‘qitish jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

– Bugun pedagogika sohasida ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borilmoqda, – dedi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘zbek tilini o‘qitish metodologiyasi kafedrasining mudiri Saodat Muhamedova. – Pedagogika sohasida samarali ilmiy tadqiqot olib borish uchun ustoz pedagog olimlar bilan uzviy hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi.
– Ona tilimizga bo‘lgan e’tibor menda avvalo, she’rlar, dostonlar mutolaa etish natijasida shakllangan, – dedi Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori, akademik, pedagogika fanlari doktori Xolboy Ibragimov. – Bugun izlanish olib borish istagidagi yoshlarimiz ona tilimizga bo‘lgan hurmat farzand tarbiyasida g‘oyat muhimligini yodda saqlashlari kerak. Qiyinchiliklarni yengish yo‘llari har bir insonning o‘ziga bog‘liq. Pedagogika sohasida, til o‘rgatish yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib boruvchi yosh olimlar o‘z oldiga qo‘ygan maqsad sari og‘ishmay, dadil va qat’iyat bilan harakat qilishlari kerak, deb hisoblayman. To‘g‘ri, bugungi kunda pedagogika sohasiga ilg‘or ta’lim metodikalari faol joriy etilmoqda. Lekin ta’lim eng avvalo, milliy tarbiyaga asoslanmog‘i kerak.
Ilmiy-ma’rifiy muloqot davomida ilmiy ish boshlash arafasidagi yosh tadqiqotchilar va olimlarga mavzu yuzasidan qimmatli maslahatlar berildi. Olimlarning mavzu yuzasidan ma’ruzalari muloqot ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ustoz pedagoglar yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.